@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

Jizzax va Buxoro viloyatlarida mahalliy hokimiyat va jamoat tashkilotlari vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi

 2019-12-06 14:26:00   |     Просмотров: 3380

Joriy yilning 2 — 4 dekabr kunlari “Yuksalish” umummilliy harakati O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi hamda Konrad Adenauer jamg‘armasining Markaziy Osiyo bo‘yicha vakolatxonasi bilan hamkorlikda Jizzax va Buxoro viloyatlarida bir qator tadbirlar o‘tkazdi.

Hududlarga tashrif davomida mahalliy hokimiyat vakillari, nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolar hamda tadbirkorlar bilan uchrashuvlar, O‘zbekiston amalga oshirilayotgan islohotlarning borishiga bag‘ishlangan davra suhbatlari, shuningdek, qabul qilingan davlat dasturlari ijrosi yuzasidan jamoatchilik monitoringi tadbirlari o‘tkazildi.

Jumladan, 2019 yil uchun tasdiqlangan investitsiya dasturining joylardagi ijrosini o‘rganish maqsadida “Jizzax KENTES” O‘zbekiston-Germaniya qo‘shma korxonasiga tashrif buyurildi. U yerda faoliyat yuritayotgan 250 nafar ishchi-xodimlarga yaratilgan shart-sharoitlar, korxonaning ishlash jarayoni bilan tanishildi.

Shuningdek, ishchi guruh Jizzax viloyatidagi 65 o‘rinli teri-tanosil kasalliklari dispanseri faoliyati o‘rganildi. Ushbu obektning qurilishiga 5,1 mlrd. so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan bo‘lib, 2 qavatli 3 binodan iborat. Hozirgi kunda ta’mirlash ishlari yakunlanish arafasida.

Jamoatchilik monitoringi davomida Jizzax shahridagi Investitsiya dasturi asosida to‘liq rekonstruksiya qilingan 15-maktabgacha ta’lim muassasasi borib ko‘rildi. 150 o‘rinli obektning eski binosini to‘liq qayta rekonstruksiya qilishga 2 mlrd. 264 mln. so‘m mablag‘ sarflangan, shuningdek, qo‘shimcha yana bitta bino qurib foydalanishga topshirilgan. Bundan tashqari, MTM uchun 186 mln so‘mlik moddiy texnika va jihozlar sotib olingan. Maktabgacha ta’lim muassasasi yaqin kunlarda foydalanishga topshirilib, unda 26 nafar ishchi xodim o‘z faoliyatini olib boradi.

Buxoro viloyatida bo‘lib o‘tgan tadbirlarda mahalliy nodavlat notijorat tashkilotlari hamda davlat organlari huzurida faoliyat yuritayotgan jamoatchilik kengashlari bilan hamkorlik masalalariga asosiy e’tibor qaratildi. Jumladan, “Yuksalish” umummilliy harakati va Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish assotsiatsiyasi (Qozog‘iston) tomonidan AQShning Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) moliyaviy ko‘magida amalga “Innovatsiyalar uchun hamkorlik” loyihasi ishtirokchilari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishildi.

  

                                                                                                                                                                                                                          “Yuksalish” harakati matbuot xizmati