@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

Yaponiyada “Yuksalish” harakatining vakolatxonasi ochiladi

 2019-03-15 16:12:00   |     Просмотров: 3286

Avval xabar berganimizdek, shu kunlarda mamlakatimiz idoralararo delegatsiyasi tarkibida “Yuksalish” harakati raisi Akmal Burxanov Yaponiya davlatida qator masalalar yuzasidan uchrashuvlar o‘tkazmoqda. Jumladan, O‘zbekistonda ma’muriy islohotlarni amalga oshirish, sud-huquq tizimidagi hamkorlik masalalari bo’yicha muzokaralar olib borilmoqda. Shuningdek, ushbu mamlakatda mehnat faoliyatini olib borayotgan va tahsil olayotgan vatandoshlar bilan uchrashib, yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning borishi va ularning samarali amalga oshirilishi yuzasidan takliflari o‘rganilmoqda.

Delegatsiya a’zolari tashrif davomida Yaponiyaning ikki yirik shaharlari – Tokio va Nagoyada istiqomat qilayotgan va tahsil olayotgan o‘zbekistonliklar bilan qator dolzarb masalalarni muhokama qildilar. Xususan, O‘zbekiston Respublikasining Yaponiyadagi elchixonasida vatandoshlar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuv davomida o‘zaro aloqalarini yanada mustahkamlash maqsadida Tokio shahrida O‘zbekiston Madaniyat va ma’rifat markazini ochish taklifi ilgari surildi. Ushbu markazda o‘zbek milliy bayramlarini o‘tkazish, ona tilimiz va tariximizni xorijliklarga tanitish, turli muhokama va uchrashuvlarni tashkil etish va yana boshqa ko‘plab loyihalarni amalga oshirish mumkin bo‘ladi. 

Bundan tashqari, Yaponiyaning Nagoya shahrida talabalar, oliy o‘quv yurtlarida faoliyat yuritayotgan o‘zbekistonlik professorlar, yetakchi kompaniyalar mutaxassislari hamda “Buyuk kelajak” ekspertlik kengashi a’zolari ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Ishtirokchilar tomonidan “Yuksalish” umummilliy harakatining xorijdagi vakolatxonasini tashkil etish masalasi ham muhokama qilindi. 

Har ikkala taklif ham delegatsiya a’zolari hamda O‘zbekiston Respublikasining Yaponiyadagi elchixonasi vakillari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Ta’kidlanishicha, Nagoyada tashkil etiladigan “Yuksalish” umummilliy harakatining vakolatxonasi xorijdagi vatandoshlar bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va ularni O‘zbekistondagi islohotlar jarayoniga faol jalb qilish uchun xizmat qiladi. Shuningdek, yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli o‘zgarishlarni amalga oshirishda hamyurtlarimizning ham fikr va takliflarini o‘rganish, tahlil qilish kabi vazifalarni bajaradi. 

Shu bilan birga, O‘zbekiston delegatsiyasi Yaponiya parlamenti vakillari bilan bir qator uchrashuvlar o‘tkazdi. Yaponiya parlamentining vakillar palatasi a’zosi, sobiq Adliya vaziri Yoko Kamikava bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv davomida sobiq vazir O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Adliya vazirligi va parlament a’zolarini kelgusi yilning aprel oyida Kioto shahrida bo‘lib o‘tadigan BMTning Jinoyatchilikni oldini olish bo‘yicha 14-Kongressida ishtirok etishga taklif qildi.

Yaponiya parlamenti maslahatchilar palatasi a’zosi, Yaponiyaning O‘zbekistondagi sobiq elchisi Kyoko Nakayama O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholab, joriy yil Toshkent shahrida o‘tkaziladigan navbatdagi o‘zbek-yapon parlamentlararo forumini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanligini bildirdi. O‘z navbatida, Yaponiya Adliya vaziri o‘rinbosari Xiroaki Kadoyama vazirlik O‘zbekistondagi ma’muriy islohotlarni amalga oshirishda qo‘maklashishini ma’lum qildi.