@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

Davlat dasturining 231-bandi (“Yoshlar — kelajagimiz” davlat dasturi doirasida yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish va bandligini ta’minlash) ijrosi monitoringi natijalari

 2019-10-16 09:19:00   |     Просмотров: 3264

“Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 231-bandi bilan yil davomida “Yoshlar — kelajagimiz” davlat dasturi doirasida yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish va bandligini ta’minlash belgilangan bo‘lib, uni ijro etish mexanizmida “Yoshlar — kelajagimiz” jamg‘armasi mablag‘laridan 2 trln so‘mdan ortiq mablag‘ ajratish orqali 50 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratilishi ko‘rsatilgan. Mazkur bandni amalga oshirishga O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ittifoqi, Mehnat vazirligi, Moliya vazirligi, Investitsiya va tashqi savdo vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahri va viloyatlar hokimliklari mas’ul idoralar sifatida qayd etilgan.

“Yuksalish” umumiy harakati tomonidan respublikaning barcha hududlarida O‘zbekiston Respublikasining “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi Qonuniga asosan Davlat dasturining yuqoridagi bandini ijrosini ta’minlash bo‘yicha mas’ul bo‘lgan idoralar va tashkilotlar tomonidan bajarilgan ishlar, erishilgan natijalar va ularning samaradorligi yuzasidan hududlardagi fuqarolik jamiyati institutlari vakillarini, mutaxassis va ekspertlarni jalb qilgan holda jamoatchilik nazorati tadbirlari o‘tkazilib, ma’lumotlar tahlil qilingan.

2019 yil 31 yanvarda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri raisligida Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish bo‘yicha respublika komissiyasining majlisi o‘tkazilib, ushbu majlis qarori bilan Davlat dasturining 231-bandiga asosan 2019 yilda “Yoshlar — kelajagimiz” jamg‘armasi mablag‘laridan 2 trln so‘mdan ortiq mablag‘ ajratish orqali 50 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratish va ushbu jamg‘arma hisobidan qo‘shimcha 100.0 mlrd so‘mni Samarqand viloyatida Davlat dasturining ijrosini ta’minlash uchun ajratish belgilangan.

Shuningdek, mazkur majlis qarori bilan “Yoshlar — kelajagimiz” Davlat dasturi doirasida 2019 yilda moliyalashtiriladigan yoshlarning biznes tashabbuslari, startaplari, g‘oyalari va loyihalarining manzilli ro‘yxati hamda ajratiladigan moliyaviy resurslarning va yaratiladigan ish o‘rinlari reja jadvali tasdiqlangan.

Tasdiqlangan manzilli ro‘yxatga ko‘ra, 2019 yilda respublika bo‘yicha yoshlar uchun jami 8913 ta loyihani amalga oshirish uchun “Yoshlar — kelajagimiz” Davlat dasturi doirasida 2 098 316.0 mln. so‘mlik mablag‘lar ajratilishi va buning hisobiga 66 488 ta ish o‘rinlari yaratilishi belgilangan.

Jamg‘arma mablag‘larini moliyalashtirish va to‘liq shakllantirish, manzilli ro‘yxatga asosan o‘z vaqtida kreditlar ajratish g‘oyalar va loyihalarni reja asosida amalga oshirish, belgilangan muddatlarda Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish respublika komissiyasiga axborot kiritib borish va boshqalar bo‘yicha tegishincha “Yoshlar — kelajagimiz” jamg‘armasi, Moliya vazirligi, Markaziy Banki, Savdo-sanoat palatasi hamda tegishli komissiyalarga vazifalar yuklatilgan.

2019 yilning 1 oktabr holatiga 1848 ta loyiha uchun 412.0 mlrd. so‘mlik imtiyozli kredit mablag‘lari ajratilib, 7778 ta ish o‘rinlari yaratilganligi haqida ma’lumot taqdim etilgan. Bundan ko‘rinadiki, 1 686 316.0 mln. so‘mlik mablag‘lar moliyalashtirilmaganligi natijasida respublika bo‘yicha yoshlarning 7065 ta g‘oyalari va loyihalari amalga oshmaganligi sababli 58 710 ta ish o‘rinlari yaratilmasdan qolayotgan bo‘lib, tasdiqlangan manzilli ro‘yxat bo‘yicha mablag‘larning 20 foizi moliyalashtirilganligi sababli 19.3 foiz loyihalar amalga oshirilib, reja-jadvalga nisbatan atigi 11.7 foiz yangi ish o‘rinlari yaratilgan xolos.

Harakatning hududiy bo‘linmalari tomonidan olingan rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, tasdiqlangan reja-jadvalga nisbatan olganda 2019 yilning 1 oktyabr holatiga Qoraqalpog‘iston Respublikasida 75 (13,6%) ta loyiha uchun 20.8 mlrd. so‘m (13,7%) ajratilib, atigi 230 (6,3%) ta ish o‘rinlari yaratilgan, Andijon viloyatida 137 (10,6%) ta loyiha uchun 24.8 mlrd. so‘m (11,2%) ajratilib, atigi 168 (6,3%) ta ish o‘rinlari yaratilgan, Jizzax viloyatida 113 (30,1%) ta loyiha uchun 26.2 mlrd. so‘m (25,5%) ajratilib, atigi 243 (7,9%) ta ish o‘rinlari yaratilgan, Qashqadaryo viloyatida 152 (17,4%) ta loyiha uchun 29.6 mlrd. so‘m (14,6%) ajratilib, 1146 (17,6%) ta ish o‘rinlari yaratilgan, Navoiy viloyatida 76 (20,8%) ta loyiha uchun 20.0 mlrd. so‘m (19,3%) ajratilib, atigi 224 (10,2%) ta ish o‘rinlari yaratilgan, Namangan viloyatida 85 (14,8%) ta loyiha uchun 26.6 mlrd. so‘m (16,2%) ajratilib, 592 (7,9%) ta ish o‘rinlari yaratilgan, Samarqand viloyatida 161 (15,5%) ta loyiha uchun 34.3 mlrd. so‘m (14,5%) ajratilib, 540 (8,5%) ta ish o‘rinlari yaratilgan, Sirdaryo viloyatida 56 (13,9) ta loyiha uchun 7.3 mlrd. so‘m (12.5%,) ajratilib, 166 (7,4%) ta ish o‘rinlari yaratilgan, Surxondaryo viloyatida 194 (22,2%) ta loyiha uchun 34.9 mlrd. so‘m (20,8%) ajratilib, 755 (12,9%) ta ish o‘rinlari yaratilgan, Toshkent viloyatida 162 (22,3%) ta loyiha uchun 48.9 mlrd. so‘m (26,2%) ajratilib, 892 (11,7%) ta ish o‘rinlari yaratilgan, Farg‘ona viloyatida 197 (22,7%) ta loyiha uchun 37.5 mlrd. so‘m (17,9%) ajratilib, 832 (12,0%) ta ish o‘rinlari yaratilgan, Xorazm viloyatida 136 (30,7%) ta loyiha uchun 29.4 mlrd. so‘m (28,5%) ajratilib, atigi 270 (7,9%) ta ish o‘rinlari yaratilgan, Toshkent shahrida 30 (20,1%) ta loyiha uchun 17.6 mlrd. so‘m (18,0%) ajratilib, 556 (20,9%) ta ish o‘rinlari yaratilgan. (Buxoro viloyati bo‘yicha ma’lumotlar taqdim etilmaganligi sababli tahlil ma’lumotlari mavjud emas.)

Yuqaridagilardan ko‘rinadiki, “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 231-bandi va uning ijrosini ta’minlash bo‘yicha 2019 yil 31 yanvarda o‘tkazilgan Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish bo‘yicha respublika komissiyasining majlisida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri tomonidan berilgan topshiriq va vazifalar ularga bajarishga mas’ul bo‘lgan idoralar va mansabdor shaxslar tomonidan lozim darajada bajarilmasdan kelgan.

Buning natijasida yuqoridagi manzilli ro‘yxatga kiritilgan loyihalar bo‘yicha bir qator yoshlarning ishonchi so‘nib, ular tomonidan imtiyozli kreditlarni olish rad etilgan.

Misol uchun, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 551 ta loyihadan 143 (26,0%) tasi, Andijon viloyatida 1292 ta loyihadan 259 (20,0%) tasi, Xorazm viloyatida reja-jadvaldagi 442 ta loyihadan 127 (28,7%) tasi, Navoiy viloyatida 364 ta loyihadan 73 (20,0%) tasi, Qashqadaryo viloyatida 875 ta loyihadan 304 (34,7%) tasi, Jizzax viloyatida 375 ta loyihadan 68 (18,1%) tasi, Navoiy viloyatida 364 ta loyihadan 73 (20,0%) tasi, Namangan viloyatida 574 ta loyihadan 7 (1,2%) tasi, Samarqand viloyatida 1036 ta loyihadan 458 (44,2%) tasi, Sirdaryo viloyatida 404 loyihadan 154 (38,1%) tasi, Surxondaryo viloyatida 194 ta loyihadan 261 (29,9%) tasi, Toshkent viloyatida 725 ta loyihadan 283 (39,0%) tasi, Farg‘ona viloyatida 869 ta loyihadan 244 (28,0%) tasi, Xorazm viloyatida 442 ta loyihadan 127 (28,7%) tasi, Toshkent shahrida 149 ta loyihadan 54 (36,2%) tasi bo‘yicha tashabbuskor yoshlar o‘z g‘oya va fikrlaridan qaytib, kredit olishni rad etganligi natijasida loyihalarni amalga oshirish to‘xtatilgan.

Achinarliysi, tashabbuskor yoshlar tomonidan imtiyozli kredit olishni rad etib, amalga oshirilmagan loyihalar “Yoshlar — kelajagimiz” jamg‘armasidan haqiqatan moliyalashtirilgan loyihalar sonidan bir necha barobar ko‘pdir.

Jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasida manzilli ro‘yxatdagi 551 ta loyihadan amalga oshirilayotgan loyihalar 75 (13,6%) ta bo‘lsa, rad etilgani 143 (26,0%) ta, Andijon viloyatida 1292 ta loyihadan amalga oshirilayotgan loyihalar 137 (10,6%) ta bo‘lsa, rad etilgani 259 (20,0%) ta, Jizzax viloyatida 375 ta loyihadan amalga oshirilayotgan 113 (30,1%) ta bo‘lsa, rad etilgani 68 (18,1%) ta, Qashqadaryo viloyatida 875 ta loyihadan amalga oshirilayotgan loyihalar 152 (17,4%) ta bo‘lsa, rad etilgani 304 (34,7%) ta, Navoiy viloyatida 364 ta loyihadan amalga oshirilayotgan loyihalar 76 (20,8%) ta bo‘lsa, rad etilgani 73 (20,0%) ta, Namangan viloyatida 574 ta loyihadan amalga oshirilayotgan loyihalar 85 (14,8%) ta bo‘lsa, rad etilgani 7 (1,2%) ta, Samarqand viloyatida 1036 ta loyihadan amalga oshirilayotgan loyihalar 161 (15,5%) ta bo‘lsa, rad etilgani 458 (44,2%) ta, Sirdaryo viloyatida 404 ta loyihadan amalga oshirilayotgan loyihalar 56 (13,9%) ta bo‘lsa, rad etilgani 154 (38,1%) ta, Surxondaryo viloyatida 874 ta loyihadan amalga oshirilayotgan loyihalar 194 (22,2%) ta bo‘lsa, rad etilgani 261 (29,9%) ta, Toshkent viloyatida 725 ta loyihadan amalga oshirilayotgan loyihalar 162 (22,3%) ta bo‘lsa, rad etilgani 283 (39,0%) ta, Farg‘ona viloyatida 869 ta loyihadan amalga oshirilayotgan loyihalar 197 (22,7%) ta bo‘lsa, rad etilgani 244 (28,0%) ta, Xorazm viloyatida 442 ta loyihadan amalga oshirilayotgan loyihalar 136 (30,7%) ta bo‘lsa, rad etilgani 127 (28,7%) ta, Toshkent shahrida 149 ta loyihadan amalga oshirilayotgan loyihalar 30 (20,1%) ta bo‘lsa, rad etilgani 54 (36,2%) tani tashkil etadi.

Bundan tashqari, barcha viloyatlarda “Yoshlar — kelajagimiz” jamg‘armasi hisobidan imtiyozli kreditlar olish evaziga yangi ish o‘rinlari yaratishga umid bog‘lagan yuzlab yosh tashabbuskorlarning loyihalari belgilangan tartibda rasmiylashtirilib, banklarga taqdim etish uchun tayyor holatga keltirib qo‘yilgan, lekin belgilangan banklarda resurs mavjud emasligi tufayli mablag‘ bilan ta’minlanmagan.

Tasdiqlangan manzilli ro‘yxatga kiritilgan loyihalarning kredit bilan ta’minlanmaganligining eng asosiy sababi — bu “Yoshlar — kelajagimiz” jamg‘armasida yetarli mablag‘lar shakllantirilmaganligi va O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan yetarlicha va lozim darajada moliyalashtirilmaganligidir.

Yuqaridagi holatlar “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”ning yakunlanishiga qisqa muddat qolganligini hisobga olib, Davlat dasturining 231-bandining lozim darajada va to‘liq ijro etilmasligiga hamda kelgusi yil uchun manzilli ro‘yxat shakllantirishda yosh tashabbuskorlarning ishonchiga putur yetishiga olib keladi.