@uzbyuksalish

Telegram

@uzbyuksalish

A`ZO BO`LISH

AQSH Davlat departamenti vakillari “Yuksalish” harakati faoliyati bilan tanishdi

 2019-08-02 23:30:00   |     Просмотров: 2378

2019-yil 2-avgust

Joriy yilning 1-avgust kuni “Yuksalish” umummilliy harakati ofisida AQSh Davlat departamentining Yevropa, Yevroosiyo va Markaziy Osiyoga ko‘maklashish bo‘yicha koordinatori Jeyms Kulikovskiy boshchiligidagi delegatsiya a'zolari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Mehmonlarni harakat raisi Akmal Burhonov kutib oldi.

Ma’lumot uchun: Jeyms Kulikovskiy AQSh Prezidenti Donald Tramp tomonidan Davlat departamentining Yevropa, Yevroosiyo va Markaziy Osiyoga ko‘maklashish bo‘yicha koordinatori lavozimiga 2019-yil 8-fevral kuni tayinlangan. U ushbu lavozimda hamkor davlatlarga yordam ko‘rsatish strategiyalarini ishlab chiqish, hukumat bilan birgalikda AQSh tomonidan ilgari surilayotgan dastur va siyosatni muvofiqlashtirish, davlat organlari o‘rtasidagi siyosiy va dasturiy bahs-munozaralarga yechim topish kabi masalalarni muvofiqlashtiradi.

Uchrashuv davomida AQSh vakillariga “Yuksalish” umummilliy harakatining maqsad va vazifalari, faoliyati, amalga oshirilayotgan loyihalar haqida ma’lumot berildi. Shuningdek, bugungi kunda O‘zbekistonda NNT va fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha so‘nggi ijobiy o‘zgarish va islohotlar haqida so‘z yuritildi.

Jumladan, “Yuksalish” umummilliy harakati va USAID hamkorligida yangi tahrirdagi “Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilib, Toshkent shahri va hududlarda qator ekspertlik muhokamalari o‘tkazilgani aytib o‘tildi. Ushbu sa’y-harakatlar natijasida bugungi kunda Adliya vazirligi va boshqa tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda NNTlar faoliyatida kuzatilayotgan qator muammolarni hal etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilmoqda.

Muloqot yakunida mehmonlar NNTlar uchun tashkil etilgan kovorking markazi faoliyati bilan tanishdilar. Xususan, “Innovatsiyalar uchun hamkorlik” dasturi g‘olibiga aylangan qator nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari bilan suhbatlashdilar.

                                                                                                                                                                                                                      "Yuksalish" harakati matbuot xizmati